(Translated by https://www.hiragana.jp/)
Deformatsiya - Vikipediya Kontent qismiga oʻtish

Deformatsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Deformatsiya (lotincha: deformatio — buzilish) (Mehanik kuchlanish):

1) fizikada — tashqi kuch, temperatura, elektr va magnit maydonlari taʼsirida jism shakli va oʻlchamlarining oʻzgarishi. Elastik va plastik xillari bor. Chuqurroq o'rganilganda cho'zilish-siqilish, buralish, egilish va siljish turlariga bo'linadi. Jismga tasir qiluvchi kuchlarning turiga qarab deformatsiya turlarini kuzatish mumkin. Tashqi kuch taʼsiri toʻxtagandan keyin deformatsiya yoʻqolsa (jism oʻz holiga qaytsa) elastik deformatsiya, saqlansa (jism oʻz holiga qaytmasa) plastik deformatsiya yuz beradi. Elastiklik va plastiklik nazariyasida qattiq jism deformatsiyasiga oid harakat va kuchlanish oʻrganiladi. Elastik deformatsiyalanuvchi qattiq jism yoʻq, har qanday qattiq jism tashqi kuch taʼsirida plastik deformatsiyalanadi. Plastik deformatsiya temperatura, tashqi kuch va deformatsiya tezligiga bogʻliq. Tashqi kuch maʼlum vaqt davomida bir xil taʼsir qilib tursa, deformatsiya vaqt oʻtgan sari oʻzgara boradi; bu hodisaga yoyiluvchanlik deyiladi. Temperatura koʻtarilishi bilan yoyiluvchanlik ortadi. Tashqi kuch ortib borgandagi deformatsiya aktiv (faol), tashqi kuch kamayib borgandagi deformatsiya passiv (sust) deformatsiya deyiladi. Deformatsiyaning choʻzilish, siqilish, egilish, buralish xillari mavjud. Mutlaq deformatsiyaning jism boshlangʻich oʻlchami (shakli)ga nisbati nisbiy deformatsiya deyiladi. Deformatsiya qonunlari materiallar qarshiligi, puxtaligi, inshootlar mustahkamligi va hokazoni hisoblashda tatbiq qilinadi;

2) geologiyadatektonik harakatlar natijasida tog jinslarining shakli va hajmi oʻzgarishi. Deformatsiyaga uchragan tog jinslarining tarkibi baʼ-zan butunlay oʻzgarib ketadi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil