(Translated by https://www.hiragana.jp/)
Etnogenez - Vikipediya Kontent qismiga oʻtish

Etnogenez

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Etnogenez (grek. ἔθνος (ethnos) — „qabila, xalq“ va γένεσις (genozіs) — „kelib chiqish“) — har xil xalq madaniyatiga oid tarkibiy qismlar asosida etnik umumiylikning (millatning) soqit qilish jarayoni.

Etnogenez (etno... va ...genez) -xalqning kelib chiqishi. Tarix fanidagi mavjud ilmiy metodologik ishlanmaga koʻra, E. deb ilgaridan mavjud boʻlgan bir necha etnik komponentlar asosida yangi etnos (elat)ning vujudga kelishiga aytiladi. "E." tushunchasi fanga ilk marotaba 20-asr ning 20-yillarida N.Ya.Marr tomonidan kiritilgan.

Har bir xalqning tarixi uning E.i va etnik tarixi bilan uzviy bogʻliqsir. E. etnik tarixning maʼlum bosqichlarida vujudga kelib maʼlum bir etnosning elat, xalq boʻlib shakllanishiga qadar boʻlgan davrda davom etadigan tarixiy va etnomadaniy jarayondir. Odatda, biror bir xalqning E.ini, uning etnik qatlamlari tarkibini aniqlamay turib, u xalq haqida, u tarkib topgan hudud va uning davlatchiligi haqida biror ilmiy tasavvur yaratish mumkin emas.

E. jarayonida etnosni belgilovchi hududiy omillar: til va etnik nom birligi, etnomadaniy birlik, ijtimoiyiqtisodiy va xoʻjalik, etnik nom (etnonim) hamda oʻzlikni anglash birligi, siyosiy uyushma birligi, din umumiyligi va boshqalar qator etnik alomatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu etnik alomatlar va belgilarning barchasi sodir boʻlgandagina etnos — xalq shakllanadi, yaʼni E. jarayoni yakunlanadi.

Ammo amalda bu etnik alomatlar barchasi E. jarayonida, yaʼni muayyan bir vaqtda hozir boʻlishi yoki bir davrda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin boʻlmagan. Jumladan, maʼlum bir xalqning tashkil topishida til birligi bosh rol oʻynagan boʻlsa, ikkinchi bir elatning shakllanish jarayonida xoʻjalik, uchinchisida esa moddiy madaniyat yetakchi belgi boʻlgan.

Ilmiy adabiyotlarda koʻrsatilishicha, E. jarayonning 2 usuli mavjud: 1) tub yerli (avtoxton) etnik komponentlarning oʻzaro yaqinlashuvi, ularning qoʻshilib, birgalikda taraqqiy etib borishi; 2) shakllangan yoki shakllanayotgan etnik birlikka boshqa hududlardan koʻchib kelgan komponentlarning mahalliy aholiga qoʻshilishi. Odatda, yangi etnosning shakllanishi jarayonida, yaʼni E. bosqichida va undan keyin ham har xil tarixiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy sabablarga koʻra, uning tarkibiga yangiyangi etnik qatlamlar qoʻshilib boradi. Yangi etnos vujudga kelgach, oldingi etnik komponentlar asta-sekin yoʻqolib tarix maydonidan batamom chiqib ketadilar (mas, saklar, massagetlar, toxarlar va boshqalar) yoki qisman (etnik tarkibi oʻzgargan holda) saqlanib qoladilar. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki yangi etnik birlikning shakllanish jarayonining oxiriga yetishi bilan ham etnik jarayon toʻxtab qolmaydi. Shakllangan etnik birlikka turli davrlarda yangiyangi komponentlarning qoʻshilishi yoki undan ajralib chiqib ketish hollari etnik birlik shakllangandan keyin ham davom etadi.

Darhaqiqat, dunyoda hech bir xalq yoʻqki, u oʻz E. jarayonining ilk bosqichlaridan to millat darajasiga koʻtarilgunicha boshqa etnik qoʻshilmalarsiz rivojlangan boʻlsa. Jumladan, oʻzbek xalqining E.i bunga yaqqol misoldir. Oʻzbek xalqi E.ining ilk bosqichlaridan to xalq sifatida shakllanib boʻlguniga qadar uning asosiy tarkibini tashkil etgan avtoxton sugʻdiyxorazmiy va qadimiy turkiy qatlamlardan tashqari oʻziga turli davrlarda xilmaxil miqdorda mahalliy va tevarak atroflardan kelib qoʻshilgan etnik guruhlarni singdirib borgan. Demak, yer sharidagi barcha xalqlar kelib chiqishi jihatidan koʻp etnik qatlamlidir.

E.ni tadqiq qilishda (ayniqsa, uning dastlabki bosqichlarini) etnologiya, etnik antropologiya, arxeologiya, etnolingvistika, folklor materiallarni jalb qilgan holdagi kompleks yondashuvni talab qiladi.

E.ga oid bugungi kunda turlituman qarashlar va konsepsiyalar mavjud.

Jumladan, ayrim mutaxassislar (L.N.Gumilyov) etnosni biofizik voqeiylik deb biladilar va shu bois E. tizimini tabiiy jarayonlar bilan bogʻliq deb hisoblaydilar. Mazkur konsepsiyaga koʻra, etnos biosferaning tarkibiy qismi boʻlgani bois undagi qonuniyatlarga boʻysunadi, E. esa biosferada sodir boʻladigan jarayonlarning bir qismi deb hisoblanadi.

  • Bromley Yu.V., Ocherki teorii etnosa, M., 1982; Alekseyev V.P., Istoricheskaya antropologiya i etnogenez, M., 1989; Gumilev L.N., Etnogenez i biosfera zemli, M., 1992; Sadoxin A.P., Etnologiya, M., 2000; Shoniyozov K., Oʻzbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001.

Adhamjon Ashirov.

Etnogenez — nima boʻlsa xam xalqlar tarixining boshlanish joyi. U xar doim rivojlanish jarayonida boʻladi. Baʼzida unga yangi etnik toplar qoʻshilib, birlashib, aralashib ketsa, baʼzida undan ayrim toʻplar ajralib, boʻlinib ketadi.

Smirnova-Seslavinskaya M. V. Aktualnie problemi issledovaniya ranney istorii sigan (prototsigan) v obshem indologo-romologicheskom pole (istochniki, metodologiya) (Wayback Machine saytida 2012-11-13 sanasida arxivlangan)