Ochlik
| |
---|---|
1921—1922-yillardagi ocharchilikdan aziyat chekayotgan rus qizi | |
Belgilari | zaiflik yoki doimiy charchoqni his qilish, energiya yetishmasligi, ongni yoʻqotish |
Mutaxassislik | kritik tibbiy yordam |
Sabablari | toʻyib ovqatlanmaslik |
Tashxis usullari | simptomlarga asoslangan holda |
Takrorlanishi | Dunyo boʻylab 720 dan 811 milliongacha odam (2020-yil) |
Ochlik — organizmni saqlab qolish uchun kerakli darajadan past boʻlgan jiddiy energiya yetishmovchiligi. Bu holat toʻyib ovqatlanmaslikning eng ekstremal shakli hisoblanadi. Uzoq vaqt davom etgan ochlik hayot uchun zaruriy organlarning shikastlanishiga[1] va, oxir-oqibat, oʻlimga olib kelishi mumkin. Toʻyib ovqatlanmaslik[2] atamasi ochlik alomatlari va oqibatlarini tavsiflaydi. Bundan tashqari, ochlik qiynoqqa solish yoki oʻlimga hukm qilish vositasi sifatida ham qoʻllanishi mumkin.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, ochlik dunyo aholisi sogʻligʻiga tahdid soladigan jiddiy xavflardan biri sanaladi[3][4]. JSST, shuningdek, toʻyib ovqatlanmaslik bolalar oʻlimiga sabab boʻlayotgan eng jiddiy omillardan biri ekanligini taʼkidlaydi — qayd etilayotgan bolalar oʻlimi holatlarining yarmiga ocharchilik sabab qilib koʻrsatiladi[3]. Toʻyib ovqatlanmaslik holatlari har yili besh yoshgacha boʻlgan 3,1 million bolaning oʻlimiga sabab boʻlmoqda[5]. Ochlik holatlari haqidagi haqiqiy raqamlarni keltirib oʻtish qiyin, ammo Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, toʻyib ovqatlanmaslikning nisbatan yengil shakli hozirda taxminan 842 million kishida yoki dunyo aholisining har sakkizinchisida (12,5 %) kuzatiladi[6].
Shishgan oshqozon kvashiorkor deb ataladigan notoʻgʻri ovqatlanish shaklidan darak beradi. Kvashiorkorning aniq patogenezi maʼlum emas, chunki dastlab u uglevodlarga boy (masalan, makkajoʻxori), proteinsiz dietalar bilan bogʻliq deb taxmin qilingan[7]. Koʻpgina bemorlarda albumin darajasining past boʻlishiga ushbu holatning natijasi sifatida qaraladi. Aflatoksin bilan zaharlanish, oksidlovchi stress, immunitetning buzilishi va ichak mikrobiotasining oʻzgarishi kabi ehtimoliy sabablar ham taklif qilingan[8]. Davolash choralari vazn yoʻqotish va mushaklarning yoʻqolishi kabi simptomlarni yengillashtirishga yordam beradi, ammo uning oldini olish ham juda muhimdir[7].
Hech qanday oziq-ovqatsiz qolganda odam odatda 2 oy ichida halok boʻladi[9]. Ammo bir kishining 382 kun oziq-ovqatsiz omon qolishi hammani hayratda qoldirgan[10]. Ozgʻin odamlar odatda tana massasining 18 foizigacha qismini yoʻqotgunga qadar omon qolishi mumkin. Semizlik kuzatilgan odamlar bu holatga, ehtimol, 20 foizdan koʻproq chidaydilar. Ochlik holatida ayollar erkaklarga qaraganda uzoqroq umr koʻrishlari aniqlangan[11][12].
Belgilari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Quyida ochlikning baʼzi belgilari sanab oʻtilgan:
Xulq-atvor yoki ruhiy holatdagi oʻzgarishlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ochlik oʻzining boshlangʻich davrlarida kishining ruhiy holati va xatti-harakatlariga taʼsir qiladi. Bu alomatlar asabiy kayfiyat, charchoq, diqqatni jamlashda muammolar va oziq-ovqat haqidagi doimiy oʻylar bilan mashgʻullik tarzida namoyon boʻladi. Bunday holatdan aziyat chekayotgan odamlar odatda hamma narsadan oʻta tez chalgʻiydilar va hech qanday potensial kuchga ega boʻlmaydilar[13].
Jismoniy belgilar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ochlik darajasi oʻsib borishi bilan salbiy jismoniy alomatlar ham paydo boʻla boshlaydi. Ushbu alomatlarning xarakteri kishining yoshiga, tana oʻlchamlariga va umumiy sogʻlik darajasiga bogʻliq. Ochlikning jismoniy belgilari namoyon boʻlishi uchun odatda bir necha kundan bir necha haftagacha vaqt talab qilinadi va bu simptomlar zaiflik, yurakning tez-tez urishi, sekinlashgan sayoz nafas olish, chanqoqlik va ich qotishi kabi shakllarda namoyon boʻladi. Baʼzi hollarda diareya ham kuzatilishi mumkin. Koʻzlar choʻkib keta boshlaydi va chuqurlashadi. Mushaklar kichiklashishni va zaiflashishni boshlaydi. Bolalardagi ochlikning asosiy belgilaridan biri shishgan qorindir. Teri boʻshashadi va rangi oqarib ketadi, oyoq va toʻpiqlarda shish hosil boʻlishi mumkin[14].
Zaiflashgan immun tizimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ochlik belgilari immunitetning zaiflashishi, jarohatlarning sekin bitishi va har qanday infeksiyaga organizmning toqatsiz reaksiyasi shaklida ham namoyon boʻlishi mumkin. Terida toshmalar paydo boʻlishi kuzatiladi. Tana oʻzida mavjud boʻlgan barcha oziq-moddalarni organlarning yetarlicha ishlashini taʼminlash uchun yoʻnaltiradi[15].
Boshqa belgilari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ochlikning boshqa oqibatlari quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin:
- Anemiya
- Oʻt pufagidagi toshlar
- Gipotenziya
- Oshqozon kasalligi
- Yurak-qon tomir va nafas olish tizimi kasalliklari
- Ayollarda hayz koʻrishning buzilishi yoki toʻxtab qolishi
- Buyrak kasalligi yoki yetishmovchiligi
- Elektrolitlar muvozanatining buzilishi
- Ozib ketish
- Oliguriya
Ochlik bosqichlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ochlik belgilari uch bosqichda namoyon boʻladi. Birinchi va ikkinchi bosqich ovqatlanishni, parhezni oʻtkazib yuboradigan va roʻza tutgan har qanday odamda namoyon boʻlishi mumkin. Uchinchi bosqich ogʻirroq boʻlib, uzoq muddatli ochlik natijasida kelib chiqadi va ayrim hollarda oʻlimga ham olib keladi[16].
Dastlabki bosqich. Ovqatlanish payti oʻtkazib yuborilganda tana jigarda glikogen ishlab chiqarish va saqlangan yogʻlar va oqsillarni parchalash orqali qon shakari darajasini ushlab turishni boshlaydi. Jigar dastlabki bir necha soat vaqt davomida organizmni glikogen bilan taʼminlay oladi. Shundan soʻng tana yogʻ va oqsillarni parchalashni boshlaydi. Tana yogʻ kislotalarini mushaklar uchun energiya manbai sifatida ishlatadi, ammo miyaga yuboriladigan glyukoza miqdorini kamaytiradi. Yogʻ kislotalaridan kelib chiqadigan yana bir kimyoviy modda bu glitserindir. U energiya uchun glyukoza sifatida ishlatilishi mumkin, ammo u oxir-oqibat tugaydi.
Keyingi bosqich. Ikkinchi bosqich bir vaqtning oʻzida bir necha hafta davom etishi mumkin. Ushbu bosqichda tana energiya uchun asosan yogʻlarni ishlata boshlaydi. Jigarda buzilish sodir boʻladi va u yogʻni ketonlarga aylantiradi. Bir hafta davomida roʻza tutilganda miya bu ketonlarni va mavjud boʻlgan glyukozani ishlatadi. Ketonlardan foydalanish glyukozaga boʻlgan ehtiyojni kamaytiradi va organizm oqsil parchalanishini sekinlashtiradi.
Soʻnggi bosqich. Bu vaqtga kelib yogʻ zaxiralari butkul yoʻqoladi va tana energiya uchun sarflanadigan oqsilga aylana boshlaydi. Bu protein bilan toʻla mushak toʻqimalarini parchalash kerakligini anglatadi; mushaklar juda tez parchalanadi. Protein hujayralarning toʻgʻri faoliyati uchun zarurdir va u tugashi bilan hujayralar ishlay olmaydi.
Ochlik tufayli oʻlim odatda organizmga infeksiya tushishi yoki toʻqimalarning parchalanishi natijasida sodir boʻladi. Bu jarayon organizmning bakteriyalar va viruslarga qarshi kurashish uchun yetarli energiya ishlab chiqara olmasligi bilan bogʻliq. Ochlikning yakuniy bosqichi soch rangining yoʻqolishi, terining qichishi, oyoq-qoʻllarning va qorinning shishishi kabi signallar bilan kechadi. Garchi ochlikni his qilishlari mumkin boʻlsa-da, bu bosqichidagi odamlar odatda tiklanish uchun yetarlicha ovqat isteʼmol qila olmay qoladilar[17].
Sabablari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tana qabul qilganidan koʻra koʻproq energiya sarflaydi. Ushbu nomutanosiblik bir yoki bir nechta tibbiy holatlar yoki shartli vaziyatlar natijasida kelib chiqishi mumkin, jumladan:[18]
Tibbiy sabablari
- Anoreksiya nervozi;
- Bulimiya nervozi;
- Ovqatlanish tartibining buzilishi;
- Ovqat hazm qilish tizimining buzilishi;
- Koma;
- Katta depressiv buzilish;
- Qandli diabet;
- Doimiy qusish.
Shartli sabablari
- Bolalar, qariyalar yoki parvarishlovchi qaramogʻidagi shaxsga nisbatan zoʻravonlik;
- Har qanday sababga koʻra ochlik, masalan, siyosiy nizolar va urushlar[19][20];
- Ochlik eʼlon qilish;
- Haddan tashqari koʻp vaqt davomida roʻza tutish;
- Qashshoqlik;
- Qiynoq.
Biokimyo
[tahrir | manbasini tahrirlash]Odatiy yuqori uglevodli dietada boʻlgani holda inson tanasi asosiy energiya manbai sifatida qon glyukozasiga tayanadi. Glyukozani toʻgʻridan-toʻgʻri dietali shakarlardan va boshqa uglevodlarni parchalash orqali olish mumkin. Ovqatlanish ratsionida shakar va uglevodlar boʻlmasa, glyukoza organizm zaxirasida saqlangan glikogenning parchalanishidan olinadi. Glikogen glyukozaning qabul qilinishi mumkin boʻlgan saqlash shakli boʻlib, jigar va skelet mushaklarida sezilarli miqdorda saqlanadi.
Glikogen zaxirasi tugaganidan keyingi ikki-uch kun ichida yogʻ kislotalari asosiy metabolik yoqilgʻi vazifasini bajaradi. Avvaliga miya glyukozadan foydalanishni davom ettiradi. Agar miyadan boshqa biror toʻqima metabolik yoqilgʻi sifatida yogʻ kislotalaridan foydalansa, xuddi shu toʻqimalarda glyukozadan foydalanish funksiyasi oʻchiriladi. Shunday qilib, yogʻ kislotalari energiya uchun parchalanganda qolgan glyukozaning hammasi miya tomonidan sarflanish uchun saqlab turiladi.
Ikki yoki uch kunlik roʻza tutishdan soʻng jigar yogʻ kislotalarining parchalanishidan olingan prekursorlardan keton tanalarini sintez qila boshlaydi. Miya ushbu keton jismlarini yoqilgʻi sifatida ishlatadi va shu bilan glyukozaga boʻlgan ehtiyojni kamaytiradi. Uch kunlik roʻza tutishdan keyin miya energiyaning 30 foizini keton tanalaridan oladi. Toʻrt kundan keyin bu koʻrsatkich 70 foiz yoki undan yuqori darajaga koʻtarilishi mumkin[21]. Shunday qilib, keton tanalarini ishlab chiqarish miyaning glyukozaga boʻlgan ehtiyojini kuniga 80 g dan kuniga 30 g gacha kamaytiradi, bu normaning taxminan 35 foizini tashkil qiladi, 65 foiz esa keton tanalaridan olinadi. Ammo miyaning qolgan 30 g ehtiyoji kuniga 20 g jigar tomonidan ajratiladigan glitserin hisobiga (oʻzi yogʻlarning parchalanishi mahsuloti) qoplanishi mumkin. Bu holatda ham boshqa manba hisobidan toʻldirilishi kerak boʻlgan kuniga taxminan 10 g glyukoza defitsiti mavjud boʻladi. Bu manba vazifasini esa tananing oʻz oqsillari oʻtay boshlaydi.
Yogʻ manbalari tugaganidan soʻng tanadagi hujayralar oqsilni parchalashni boshlaydi. Bu jigar tomonidan glyukozaga aylanishi mumkin boʻlgan piruvatdan hosil boʻlgan alanin va laktatni chiqarishga olib keladi. Inson mushak massasining katta qismi oqsildan iborat boʻlgani sababli bu hodisa ochlik paytida mavjud mushak massasining yoʻqolishi bilan uzviy bogʻliqdir. Biroq tana qaysi hujayralar oqsilni parchalashini tanlashga qodir. 1 g glyukozani sintez qilish uchun taxminan 2-3 g oqsilni parchalash kerak; Har kuni taxminan 20-30 g protein parchalanib, miyani tirik saqlash uchun 10 g glyukoza hosil qiladi. Biroq proteinni tejash maqsadida roʻza tutish muddati qanchalik uzoq davom etsa, bu raqam shunchalik kamayishi mumkin.
Yogʻ zaxiralari toʻliq tugagach, ochlik yuzaga keladi va oqsil tanadagi yagona yoqilgʻi vazifasini bajaruvchi boʻlib qoladi. Shunday qilib, ochlik davrlaridan keyin tanadagi oqsilning yoʻqolishi muhim organlarning ishiga taʼsir qiladi va oʻlimga olib keladi, hatto yogʻ zaxiralari hali mavjud boʻlsa ham. Ozgʻin odamda yogʻ zaxiralari tezroq tugaydi, oqsil esa keyinroq, shuning uchun oʻlim tezroq sodir boʻladi. Oxir-oqibat, oʻlim sababi toʻqimalar degradatsiyasi va elektrolitlar muvozanatining buzilishi natijasida kelib chiqqan umumiy yurak aritmiyasi yoki yurak xuruji sifatida qayd etilishi mumkin. Ochlikdan azob chekayotgan odamlarni metabolik atsidoz kabi sharoitlar ham halok qilishi mumkin[22].
Ochlikning oldini olish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ochlik insonning nazorati ostida boʻlmagan omillar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Jahon oziq-ovqat xavfsizligi bo'yicha Rim deklaratsiyasi oziq-ovqat xavfsizligini oshirishga va natijada ochlikning oldini olishga qaratilgan bir qancha siyosat yoʻnalishlarini belgilaydi[23]. Ushbu yoʻnalishlar quyidagilardir:
- Qashshoqlikni kamaytirish;
- Urushlar va siyosiy beqarorlikning oldini olish;
- Oziq-ovqat yordami[24];
- Qishloq xoʻjaligining barqarorligi;
- Iqtisodiy tengsizlikni kamaytirish.
Bepul yoki subsidiya asosida beriluvchi oʻgʻitlar va urugʻlardan foydalanish kabi chora-tadbirlar orqali oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanmagan hududlarda fermerlarni qoʻllab-quvvatlash oziq-ovqat hosilining ortishiga va oziq-ovqat narxining pasayishiga olib keladi[25].
Davolash
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ochlikdan aziyat chekadigan bemorlarni davolash mumkin, ammo refeding sindromi yuzaga kelishining oldini olish uchun buni ehtiyotkorlik bilan bajarish kerak[26]. Dam olish, tana harorati moʻtadilligini taʼminlash va saqlash kerak. Oziq-ovqat asta-sekin va oz miqdorda isteʼmol qilinishi lozim. Vaqt oʻtishi bilan oziq-ovqat isteʼmoli koʻpayishi kuzatiladi. Qon zardobidagi oqsillar darajasini oshirish uchun tomir ichiga proteinlar yuborilishi mumkin[27]. Eng ogʻir holatlarda esa hospis parvarishi va opioid preparatlaridan foydalanilishi kuzatiladi.
Tashkilotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Koʻpgina tashkilotlar turli mintaqalarda ochlik holatlarini kamaytirish boʻyicha yuqori samaradorlikka erishdilar. Yordam agentliklari toʻgʻridan-toʻgʻri shaxslarga yordam koʻrsatadilar, siyosiy tashkilotlar esa siyosiy liderlarni ocharchilikni kamaytiradigan va shunday toifadagilarga yordam koʻrsatadigan makro-miqyosli siyosatni amalga oshirishga majbur qiladi[28].
Statistika
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining hisob-kitoblari natijalariga koʻra, 2020-yilda dunyo boʻylab 720 dan 811 milliongacha odam ochlikdan aziyat chekdi[29]. Bu 2010-yilda taxmin qilingan 925 million[30] va 2009-yilgi taxminan 1 milliardlik koʻrsatkichga[31] nisbatan kamroqdir. 2007-yilda 923 million kishi to‘yib ovqatlanmaslikdan jabr koʻrdi, bu koʻrsatkich 1990—1992-yillarga nisbatan 80 millionga ko‘pdir[32]. 2018-yilda esa taxminan 820 million kishi toʻyib ovqatlana olmadi[33].
Ochlik va toʻyib ovqatlanmaydigan odamlarning taʼriflari har xil boʻlgani sababli ochlikni boshdan kechirganlar soni toʻyib ovqatlanmaydiganlarnikidan farq qiladi. Umuman olganda, toʻyib ovqatlanmaydiganlarga qaraganda ancha kam odam och qoladi.
Dunyoda toʻyib ovqatlanmaydigan va ochlikdan aziyat chekayotgan odamlarning ulushi kamida bir necha asrlar davomida doimiy ravishda kamayib bormoqda[34]. Bu oziq-ovqat ta'minoti ortib borayotgani va iqtisodiy samaradorlikning umumiy oʻsishi bilan bogʻliq. 1970—2010-yillar oraligʻida rivojlanayotgan mamlakatlarda toʻyib ovqatlanmaydigan odamlarning ulushi ikki barobardan koʻproqqa kamaydi. Ochlikdan aziyat chekayotganlar ulushiga nisbatan ham shu taʼrifni keltirish mumkin[35].
Yil | 1970 | 1980 | 1990 | 2004 | 2007 | 2009 |
---|---|---|---|---|---|---|
Uchinchi dunyo mamlakatlarida toʻyib ovqatlanmaydigan odamlarning ulushi[31][35][36] | 37 % | 28 % | 20 % | 16 % | 17 % | 16 % |
Oʻlim jazosi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tarixiy jihatdan qaralganda ochlikdan oʻlim jazosi sifatida ham foydalanilgan. Sivilizatsiya boshidan oʻrta asrlargacha odamlar oziq-ovqat yetishmasligidan aziyat chekib halok boʻlishgan[37].
Qadimgi yunon-rim jamiyatlarida baʼzi hollarda ochlikdan yuqori tabaqa fuqarolarini, ayniqsa, patrisiy oilalarining adashgan ayol aʼzolarini halok qilish maqsadida foydalanilgan. Milodiy 31-yilda Tiberiusning jiyani va kelini Livilla Seyanus bilan ishqiy munosabatda boʻlgani va oʻz eri Drusus Iulius Caesarning oʻldirilishida ishtirok etgani uchun onasi tomonidan yashirincha ochlikdan oʻldiriladi.
Tiberiyning yana bir kelini Agrippina Germanici (Octavianus Augustusning nabirasi va Caligolaning onasi) ham milodiy 33-yilda ochlikdan vafot etgan; ammo uning ochligi aynan nima sababdan sodir boʻlgani hozirgacha aniq emas[38].
Agrippinaning oʻgʻli va qizi ham siyosiy sabablarga koʻra ochlik yoʻli bilan oʻldirilgan; Uning ikkinchi oʻgʻli Drusus Caesar eramizning 33-yilida qamoqqa tashlangan va Tiberiusning buyrugʻi bilan ochlikdan oʻldirilgan[39] (u toʻshakdagi tiqmani chaynab isteʼmol qilish orqali toʻqqiz kun tirik qolishga muvaffaq boʻlgan); Agrippinaning kenja qizi Julia Livilla esa 41-yilda amakisi imperator Claudius tomonidan orolga surgun qilingan va uning ochlikdan oʻlimini imperatorning uchinchi rafiqasi Messalina tashkillashtirgan.
Ugolino della Gerardeska, uning oʻgʻillari va boshqa oila aʼzolari XIII asrda ochlikdan oʻlgan. Bu haqida uning zamondoshi Dante oʻzining "Ilohiy komediya" asarida yozgan[40].
1317-yilda Shvetsiya qiroli Birger oʻzining ikki ukasini bir necha yil oldin uyushtirgan toʻntarish uchun qamoqqa tashlagan (Nyköping banketi). Afsonaga koʻra, oradan bir necha hafta oʻtgach ular ochlikdan vafot etishgan, chunki qirol qamoqxona kalitini qal’a xandaqiga tashlagan[41].
1671-yilda Buyuk Britaniyada, Kornuollda, John Trehenban ismli shaxs ikki qizni oʻldirgani uchun An Dinas qal’asidagi qafasda ochlikdan oʻldirishga hukm qilinadi[42].
Tinch okeanining shimoli-gʻarbiy qismida, Kanada va AQShning hozirgi chegarasi yaqinida istiqomat qiluvchi tub amerikalik makah qabilasida qullar uchun jazo sifatida ochlikdan oʻlim qoʻllanilganligi haqida manbalar mavjud[43].
Konsentratsion lagerlar va gettolar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Natsistlar konslagerlaridagi mahbuslarning koʻplari qasddan yomon muomala, kasallik, ochlik va ortiqcha mehnat hajmi tufayli oʻldirilgan yoki mehnatga yaroqsiz deb hisoblanib, qatl etilgan. Sharqiy Yevropadagi gettolarning koʻp mahbuslari ham ochlikdan oʻlgan, bu kabi hodisalarning eng mashhuri Germaniya tomonidan bosib olingan Polshadagi Varshava gettosida sodir boʻlgan. Mahbuslar gʻayriinsoniy sharoitlarda temir yoʻl yuk vagonlarida tashilgan, ularning koʻplari manziliga yetib bora olmasdan vafot etgan. Ular bir necha kun va hatto haftalar davomida oziq-ovqat va suvsiz chorva uylariga qamalgan. Koʻpchiligi yozning qattiq jaziramasida suvsizlanishdan vafot etgan yoki qishda muzlab oʻlgan. 1933-yildan 1945-yilgacha Yevropadagi fashistlar konslagerlar xodimlari mahbuslarni ataylab toʻyib ovqatlantirmagan, shuningdek, ular bir vaqtning oʻzida ogʻir mehnatga ham duchor qilingan. Ularning ratsioni suvli sabzavotli shoʻrva va ozgina non bilan cheklangan, taom tarkibida yogʻlar, oqsillar yoki boshqa muhim oziq moddalar boʻlmagan. Bunday ovqatlanish tartibi tana toʻqimalarining yoʻqolib ketishiga olib kelgan va mahbuslar skelet holiga kelib qolganda lager shifokorlari tomonidan tekshirilgach muselmann deb ataladigan gaz yoki oʻq bilan oʻldirilgan[44].
Ochlik, shuningdek, qurbonlar oʻlgunga qadar kichik kameraga qamalgan holda amalga oshiriladigan jazo sifatida ham ishlatilgan, bu jarayon koʻp kunlar davom etishi mumkin edi. Polshalik mazlum Maksimilian Kolbe 1941-yilda Osvensim konslagerida ochlikka hukmni oʻz boʻyniga olgan. Lagerdan muvaffaqiyatli qochishi ortidan oʻn mahbus ochlikdan oʻlimga hukm qilingan edi, shunda Kolbe ixtiyoriy ravishda xotini va bolalari boʻlgan erkakning oʻrniga javobgarlikni oʻz boʻyniga oldi. Ikki haftalik ochlikdan keyin Kolbe va yana uchta mahbus tirik qoldi; ular fenol inyeksiyalari bilan qatl qilindilar[45].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Disease-Related Malnutrition: An Evidence-Based Approach to Treatment „When [food] intake is poor or absent for a long time (weeks), weight loss is associated with organ failure and death.“
- ↑ „Definition of INANITION“ (en). www.merriam-webster.com. Qaraldi: 2021-yil 26-oktyabr.
- ↑ 3,0 3,1 Malnutrition The Starvelings
- ↑ „As more go hungry and malnutrition persists, achieving Zero Hunger by 2030 in doubt, UN report warns“ (en). www.who.int. Qaraldi: 2021-yil 27-oktyabr.
- ↑ „Hunger Stats“. World Food Programme.
- ↑ FAO: The State of Food Insecurity in the World
- ↑ 7,0 7,1 „Archived copy“. 2011-yil 2-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 26-iyun.
- ↑ „Protein-Energy Malnutrition | Nutrition Guide for Clinicians“. PCRM's nutrition guide for clinicians. PCRM. Qaraldi: 2019-yil 16-aprel.
- ↑ „Blaine emerges from his 44-day 'fast' | Television industry | the Guardian“.
- ↑ „The True Story of a Man Who Survived Without Any Food for 382 Days“.
- ↑ How Long Can a Person Survive without Food?
- ↑ How many days a person can survive without food or water
- ↑ Symptoms Of Extreme Hunger Food
- ↑ Swollen Ankles and Swollen Feet
- ↑ Symptoms of Starvation
- ↑ What Happens When We Starve? Phases of Starvation
- ↑ What Is Hunger?
- ↑ „THE TOP 10 CAUSES OF WORLD HUNGER“.
- ↑ Howe Bancroft, Hubert (1883). "North American states. 1883". History of the Pacific States of North America (A.L. Bancroft,1883) 10: 411.
- ↑ Taylor, Charles (1811). "The Literary Panorama, Volume 10". The Literary Panorama 10: 539.
- ↑ C. J. Coffee. Quick Look: Metabolism. Hayes Barton Press, Dec 1, 2004 — 169-bet.
- ↑ Toth, HL; Greenbaum, LA (November 2003). "Severe acidosis caused by starvation and stress.". American Journal of Kidney Diseases 42 (5): E16-9. doi:10.1016/j.ajkd.2003.07.012. PMID 14582074.
- ↑ World Food Summit — Rome Declaration on World Food Security
- ↑ Laird Birmingham, C. (2000). "Child hunger: semi-starvation study repeated in Canada". Canadian Medical Association Journal 163 (8): 985–986. PMID 11068570. PMC 80547. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=80547.
- ↑ Ending Famine, Simply by Ignoring the Experts
- ↑ "Refeeding syndrome: what it is, and how to prevent and treat it". BMJ 336 (7659): 1495–8. June 2008. doi:10.1136/bmj.a301. PMID 18583681. PMC 2440847. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=2440847.
- ↑ "The Physiology and Treatment of Starvation". Proceedings of the Royal Society of Medicine (US national library of medicine) 38 (7): 388–398. 1945. doi:10.1177/003591574503800716. PMID 19993083. PMC 2181967. //www.pubmedcentral.nih.gov/articlerender.fcgi?tool=pmcentrez&artid=2181967.
- ↑ 30 Organizations Working to End Hunger
- ↑ „Hunger“ (en). Food and Agriculture Organization of the United Nations. Qaraldi: 2022-yil 15-fevral.
- ↑ FAO:Hunger
- ↑ 31,0 31,1 The State of Food Insecurity in the World, 2010: Addressing Food Insecurity in Protracted Crises
- ↑ Food and Agriculture Organization Economic and Social Development Department. „The State of Food Insecurity in the World, 2008 : High food prices and food security — threats and opportunities“. Food and Agriculture Organization of the United Nations, 2008, p. 2. „FAOʻs most recent estimates put the number of hungry people at 923 million in 2007, an increase of more than 80 million since the 1990-92 base period.“.
- ↑ „World hunger is still not going down after three years and obesity is still growing – UN report“.
- ↑ Fogel, RW (2004). The escape from hunger and premature death, 1700-2100: Europe, America, and the Third World. Cambridge: Cambridge University Press.
- ↑ 35,0 35,1 Food and Agriculture Organization Agricultural and Development Economics Division. „The State of Food Insecurity in the World, 2006 : Eradicating world hunger — taking stock ten years after the World Food Summit“. Food and Agriculture Organization of the United Nations, 2006, p. 8. „Because of population growth, the very small decrease in the number of hungry people has nevertheless resulted in a reduction in the proportion of undernourished people in the developing countries by 3 percentage points — from 20 percent in 1990-92 to 17 percent in 2001-03. (…) the prevalence of undernourishment declined by 9 percent (from 37 percent to 28 percent) between 1969-71 and 1979-81 and by a further 8 percentage points (to 20 percent) between 1979-81 and 1990-92.“.
- ↑ Food and Agriculture Organization Economic and Social Development Department. „The State of Food Insecurity in the World, 2008 : High food prices and food security — threats and opportunities“. Food and Agriculture Organization of the United Nations, 2008, p. 6. „Good progress in reducing the share of hungry people in the developing world had been achieved — down from almost 20 percent in 1990-92 to less than 18 percent in 1995-97 and just above 16 percent in 2003-05. The estimates show that rising food prices have thrown that progress into reverse, with the proportion of undernourished people worldwide moving back towards 17 percent.“.
- ↑ [1]
- ↑ Dio Cassius, 58.11.7
- ↑ Alston 1998, s. 43
- ↑ [2]
- ↑ Disturbed Facts About Eric XIV Of Sweden
- ↑ „Замок-ан-Динас, Сент-Колумб-Майор“.
- ↑ Donald, Leland (1997). Aboriginal Slavery on the Northwest Coast of North America, University of California Press, p. 23
- ↑ [3]
- ↑ „Blessed Maximilian Kolbe-Priest Hero of a Death Camp by Mary Craig“. Ewtn.com. Qaraldi: 2012-yil 10-oktyabr.
Qoʻshimcha oʻqish uchun
[tahrir | manbasini tahrirlash]Vikiomborda Ochlik haqida turkum mavjud |
Adabiyotlar:
- Online books, and library resources in your library and in other libraries about Starvation
- Wilson, DE; Zeikus, R; Chan, IF (Apr 1987). "Relationship of organ lipoprotein lipase activity and ketonuria to hypertriglyceridemia in starved and streptozocin-induced diabetic rats.". Diabetes 36 (4): 485–90. doi:10.2337/diabetes.36.4.485. PMID 3817303. https://archive.org/details/sim_diabetes_1987-04_36_4/page/485.
- Swaner, JC; Connor, WE (Aug 1975). "Hypercholesterolemia of total starvation: its mechanism via tissue mobilization of cholesterol.". The American Journal of Physiology 229 (2): 365–9. doi:10.1152/ajplegacy.1975.229.2.365. PMID 169705. https://archive.org/details/sim_american-journal-of-physiology_1975-08_229_2/page/365.
Havolalar: