(Translated by https://www.hiragana.jp/)
Qozi - Vikipediya Kontent qismiga oʻtish

Qozi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qozi (arab. — ijro etuvchi, hukm chiqaruvchi) — musulmon davlatlarida hukmdor tomonidan tayinlanib, shariat asosida sud vazifasini bajaruvchi, sudya, sharʼiy mahkama raisi. Baʼzi qozilar ilm bilan shugʻullangan. Baʼzan imomlik vazifasini ham bajargan[1].

Dastlab qozilarni Muhammad paygʻambar, undan keyin xalifa Umar tayinlagan. Xulofoi roshidin davrida qozilar faqat fuqarolik ishlarini koʻrib chiqardi, jinoiy ishlarni hal qilish xalifa yoki viloyat hokimlarining vakolatiga kirardi. Javobgar yuksak maqom egasi va iqtidorli kishi boʻlganda unga tegishli ish mazolim qozisiga (mazolim volisiga) topshirilardi. Shikoyatlar bilan shugʻullanuvchi bu idoraga davlat rahbari yoki u tayinlagan baobroʻ kishi boshchilik qilardi. Mazolim sudida daʼvogar va javobgardan tashqari qozilar, muftiylar, salohiyatli kotib, ichki ishlar rahbarlari, xavfsizlik xodimlari ishtirok etardi. Mazolim qozisi hokimlar, davlat mulozimlari, soliqchilardan shikoyatlar boʻyicha ishlarni, zoʻravonlik bilan tortib olingan shaxsiy mulk yoki vaqf mulklariga oid ishlarni, qozilar chiqargan qarorlarning bajarilmasligi hollari, koʻpchilik manfaatiga qarshi qilingan tajovuzlarga doir ishlarni koʻrib chiqardi. Qozi musulmon boʻlmagan fuqarolarning ishlarini ularning diniy kitoblari (Tavrot, Injil) asosida hal qilardi. Qozining hukmi ustidan xalifaga shikoyat qilish mumkin boʻlgan. VIII asrning 2-yarmida Abbosiylar davlatida oliy qozi — qozi ul-quzzot lavozimi joriy qilingan.

Amalda qozi lavozimini oʻz obroʻsiga dogʻ tushirmagan, ilmu idrokli va shariat qonunlarini yetarlicha biladigan, yaqqol koʻrinib turgan jismoniy nuqsoni boʻlmagan sogʻlom va odil har bir erkin (qul boʻlmagan) musulmon egallashi mumkin edi. Qozi davlat gʻaznasidan taʼminlab turilgan. Baʼzan qozi umumiy vakolatga ega boʻlib, butun mamlakat boʻyicha hukm chiqara olgan, baʼzan uning vakolati bir viloyat yoki shahar hududi bilan cheklangan. Qozi oʻz shahri yoki viloyatidagi barcha fuqarolik va jinoiy ishlarni olib borish, jamoatchilik axloqi saqlanishini nazorat qilish, zarur boʻlgan taqdirda odamlar va mulkka vasiylikni tayinlash, vaqf mulklarini nazorat qilish, jamoat binolari va inshootlar, yoʻllar, koʻchalar va maydonlarning holatini kuzatib turish, meros boʻlinishini va vasiyatga rioya qilinishini, qozi hukmlari toʻgʻri bajarilishi va toʻgʻri jazo belgilanishini kuzatish, huquqni muhofaza qilish idoralari va turma nozirlarini nazorat qilish, zakot, sadaqa va boshqa jamoat mablagʻlari toʻgʻri yigʻilishi hamda taqsimlanishini kuzatib borish, zarbxona, bayt ul-molni (dashsht xazinasini) nazorat qilish kabi ishlarni bajarardi. Qoʻshinlar qozisi qoʻlga kiritilgan harbiy oʻljani baholashi va uning toʻgʻri taqsimlanishini kuzatishi kerak boʻlgan. Buning uchun u harbiy huquqni yaxshi bilishi lozim edi.

Ayrim hollarni hisobga olmaganda qozilar asosan faqihlar orasidan chiqqan.

Turkiston general-gubernatorligida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buxoro amirligida Amir Olimxon (1910—1920) davrida Qozi Mirzo Hikmatulloh qozilik faoliyatidan tashqari, talabalarga ilm berish hamda undan boʻsh vaqtida esa umri davomida 300 ta kitob yozgan[1].

Oʻzbekiston SSRda, xususan Toshkent shahrida 1930-yillarning boshigacha qozilar sudi mavjud boʻlib, shariatga tegishli muammolarni koʻrib, hal qilib kelgan.

  • Karimov Q. S. Turkistonda tarixan shakllangan qozilik mahkamalari faoliyatiga kiritilgan oʻzgarishlar // Qoʻqon PDI. Ilmiy xabarlar. — 2021. — № 4.
  1. 1,0 1,1 Karimov 2021, s. 150—153.