Skifiya
Skifiya — Qora dengizning shim.gʻarbiy sohillari, Azov dengizi atrofidagi dashtlar va Qrim choʻllarining ilmiy adabiyotlardagi nomi. Mil. av. 7— mil. 3-asrlarda S. koʻchmanchi skif qabilalari yashagan yurt sifatida tilga olinadi. Gerodot S.ning chegarasi 20 kunlik yoʻlga teng joy, deb taʼriflaydi, ammo, arxeologik materiallar skiflarga tegishli madaniyat yoyilgan hududlar doirasi juda keng ekanligidan dalolat beradi. Gerodotning maʼlumotiga koʻra, ulkan S. ichida „Azaliy Skifiya“ boʻlib, u Dunay daryosining quyi havzasi hududlarini oʻz ichiga olgan, uning geografik markaziy qismida (hozirgi Nikolayev sh. yaqinida xarobalari saqlangan) Olviya sh. (Borisfen) boʻlgan. Strabon esa „Kichik Skifiya“ sifatida Qrim dashtlari va Qora dengizning shim.gʻarbiy sohillarini tilga oladi. Mil. av. 4-asrdan boshlab S. hududlari sarmat qabilalari siquvi ostida qisqara boshlaydi. Mil. 3-asrga kelib, Qora dengizning shim. boʻylari Sarmatiya deb ataladigan boʻldi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |