(Translated by https://www.hiragana.jp/)
Usmon Azim - Vikipediya Kontent qismiga oʻtish

Usmon Azim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Usmon Azim
Tavalludi
Azimov Usmonqul

13-avgust 1950-yil (1950-08-13) (74 yosh)
Boysun tumani, Oʻzbekiston
Kasbi
  • Shoir
  • yozuvchi
  • oʻqituvchi
  • tarjimon
  • dramaturg
  • kinossenariynavis
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Alma mater Oʻzbekiston milliy universiteti
Shoh asari "Insonni tushunish" (1979)
"Uygʻonish azobi"
(1991) „Gʻussa“ (1994)
"Kuz" (2001)
Mukofotlari
Turmush oʻrtogʻi Raʼno Azimova
Bolalari Abduqunduzova Nazokat Usmonqulovna

Usmon Azim (asl ism-sharifi: Azimov Usmonqul; 1950-yil 13-avgust; Boysun tumani) — Oʻzbekiston xalq shoiri (2000), dramaturg. Toshkent universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Respublika radiosida muharrir, katta muharrir va bosh muharrir oʻrinbosari (1976—1989), Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi Toshkent viloyat boʻlimida masʼul kotib (1989—1990). Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonida sektor mudiri, yetakchi konsultant, Prezidentning Davlat maslahatchisi (1991—1994). 2003-yildan Oʻzbek milliy akademik drama teatrida adabiy emakdoshdir.

Hayot va ijod yoʻli

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Usmon Azim 1950-yilda Surxondaryo viloyati Boysun tumanining Gaza qishlog‘ida tug‘ilgan. Tumandagi birinchi maktabni tamomlagan. 1972-yilda Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakultetida taʼlim olgan. Usmon Azim respublika radiosida muharrir, katta muharrir va bosh muharrir oʻrinbosari (1976—1989), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyat boʻlimida masʼul kotib (1989—1990) hamda Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti devonida sektor mudiri, yetakchi konsultant, Birinchi prezidentning Davlat maslahatchisi (1991—1994) kabi lavozimlarda faoliyat olib borgan. 2003-yildan esa Oʻzbek milliy akademik drama teatrida adabiy emakdosh sifatida faoliyat boshlagan[1].

Ilk kitobi — „Insonni tushunish“ (1978). Shundan soʻng shoirning „Holat“ (1979), „Oqibat“ (1980), „Koʻzgu“ (1983), „Surat parchalari“ (1985), „Dars“ (1985), „Ikkinchi aprel“ (1987), „Baxshiyona“ (1989), „Gʻaroyib ajdarho“ (1990), „Uygʻonish azobi“ (1991), „Gʻussa“ (1994), „Uzun tun“ (1994), „Bor ekanda, yoʻq ekan“ (1995), „Saylanma“ (1995), „Kuz“ (2001) kabi sheʼriy va „Jodu“ (2003) „Adibning umri“ (2010), „So‘ngso‘zlar“ (2020) nasriy to‘plamlari; nasr va nazmdan iborat „Kollaj“ (2018) nasriy toʻplamlari nashr etilgan. Dastlabki sheʼrlarida insonning davr va jamiyat hayotidagi oʻrnini tushunishga, davrning ogʻriqli masalalariga eʼtibor qaratdi va shu jarayonda minbar sheʼriyati unsurlaridan foydalangan. Shuningdek, o‘n ikki jildli saylanma asarlarining sakkiz kitobi ham nashrdan chiqgan[2].

Usmon Azim „Baxtli boʻlaylik“, „Hujjatli film uchun syujet“, „Bahodir va Malika“ singari radiopyesalar yozgan. U ana shu tajribadan foydalanib, 90-yillarda dramaturgiya bilan jiddiy shugʻullandi va „Bir qadam yoʻl“, „Kunduzsiz kechalar“, „Bozor“ (1997), „Alpomishning qaytishi“ (1998), „Jazava“ (2000), „Baxt qushi“ (2002), „Oʻtgan zamon hangomalari“ (2003) pyesalarini yozdi. Bu pyesalarning aksari Oʻzbek milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan. Usmon Azim bu pyesalarda sahna qonuniyatlarini yaxshi his etuvchi, dramaturg sifatida namoyon boʻldi. Ayni paytda u ham tarixiy, ham psixologik dramalar, ham ogʻzaki va yozma adabiyot namunalari asosida zamonaviy sahna asarlarini yarata olish isteʼdodini namoyish etdi[3].

Usmon Azim, shuningdek, kinodramaturgiyada ham qalam tebratib, „Alisher Navoiy“ kinoqissasi (1990), „Alpomish“ kinodostoni (1997), „Sevgi“ (1998, shu nomli hikoya asosida) va 2 seriyali „Alpomish“ (2000) filmlarining ssenariysiga mualliflik qilgan. Pol Elyuar, V. Vatsiyetis, H. Dogʻlarja, A. Voznesenskiy, Yu. Marsinkyavichyus va boshqa shoirlarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan[4].

Sheʼrlari ingliz, fransuz, nemis, polyak, makedon, turk, rus, gruzin, eston, litva, tojik, qozoq va qirgʻiz tillarida nashr etilgan. Koʻplab sheʼrlariga musiqa bastalangan. Usmon Azim uch mingga yaqin sheʼriy asarlar muallifi. U sheʼriy maktab yaratgan kamdan-kam shoirlardan biridir. Uning asarlari zamonaviy o‘zbek poeziyasi va dramutgiyasining saviyasini belgilovchi mavqega ega[5][6].

Usmon Azim Gruziyaning Mayakovskiy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan (1982). „Doʻstlik“ ordeni (1998) bilan mukofotlangan[7].

  1. „Usmon Azim“ (2015-yil 1-fevral). 2023-yil 6-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 6-mart.
  2. „Usmon AZIM. YURAGIMDA SUKUTIMDAN SO‘ZLAR MO‘L…“ (2020-yil 18-avgust). 2023-yil 6-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 6-mart.
  3. „Usmon Azim (1950)“ (2017-yil 20-noyabr). 2023-yil 6-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 6-mart.
  4. „Usmon Azim“ (2018-yil 4-iyun). 2023-yil 6-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 6-mart.
  5. Usmon Azim. Kuz. T.: Adabiyot va sanʼat, 2001.
  6. Usmon Azim. Saylanma. T.: „Sharq“, 1995.
  7. „Президент Мустақиллик байрами арафасида ижтимоий соҳадан 166 кишини мукофотлади (рўйхат)“ (2020-yil 27-avgust). 2021-yil 15-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 6-mart.
  8. „Rubrika: Nazokat Azim (1975)“ (2014-yil 4-fevral). 2022-yil 15-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 6-mart.