(Translated by https://www.hiragana.jp/)
Xudoyorxon - Vikipediya Kontent qismiga oʻtish

Xudoyorxon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xudoyorxon
Qoʻqon xoni
Mansab davri
1845 – 1858
Oʻtmishdoshi Murodxon (1845)
Vorisi Mallaxon (1858—1862)
Mansab davri
1862 – 1863
Oʻtmishdoshi Murod II (1862)
Vorisi Mohammad Sulton (1862—1865)
Mansab davri
1865 – 1675
Oʻtmishdoshi Mohammad Sulton (1863—1865)
Vorisi Nasriddinxon (1875)
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1831
Qoʻqon, Fargʻona vodiysi
Vafoti 1882
Karukh tumani, Afgʻoniston
Bolalari Nasriddinxon
Muhammad Alimbek
Said Aminbek
Oʻrmonbek
Dini Islom

Xudoyorxon (1831, Qoʻqon — 1912, Karrukh, Afgʻoniston) — Qoʻqon xoni (1845—1905-yillar, tanaffuslar bilan), oʻzbeklarning Ming sulolasiga mansub Sheralixonning (hukmronlik davri: 1842—1905) oʻgʻli[1].

Taxtga oʻtirishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Birinchi hukmronlik davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xudoyorxon dastlab taxtga qaynotasi Musulmonqul tomonidan oʻtqazilgan, ammo yosh boʻlganligi tufayli amalda davlat ishlarini Musulmonqulning oʻzi boshqarib borgan. Rus sharqshunosi va diplomati Nikolay Petrovskiy (1837—1908) oʻzining Xudoyorxon toʻgʻrisidagi kitobida Musulmonqul va yosh xon oʻrtasidagi munosabatlarni Rossiya imperiyasining qudratli vaziri Aleksandr Menshikov va imperator Pyotr II oʻrtasidagi munosabatlarga taqqoslaydi. Shuningdek, Nikolay Petrovskiyning soʻzlariga koʻra, Musulmonqul qattiqqoʻl va shafqatsiz boʻlishiga qaramay, xonlik va uning aholisi uchun ziyon keltiradigan qarorlar qabul qilmagan[2].

Xuddi shu davrda mamlakat hukmronligi qipchoqlar qoʻliga oʻtadi va ular tomonidan mamlakatda koʻplab oʻzboshimchalik va erkinsizliklarga yoʻl qoʻyiladi. Qipchoqlar istalgan hududni Musulmonqul tomonidan chiqarilgan soxta farmonlar bilan oʻzlashtirish barobarida aholi tomorqalariga keladigan ariqlarni toʻsib, tinch aholi tomonidan soliq toʻlanmagunga qadar ariqlarni ochishga ruxsat berishmaydi. Natijada mamlakat ichkarisida ichki kurash kuchayib, 1852-yil 9-oktyabrda qipchoqlar qirgʻini boshlanadi. Buning natijasida 20 mingga yaqin qipchoqlar oʻldiriladi, Musulmonqul esa Chotqolga qochib ketishga majbur boʻladi. Xuddi shu yildan boshlab Xudoyorxon davlatni mustaqil idora qila boshlaydi va qipshoqlarning oʻzboshimchaliklariga chek qoʻyishga harakat qiladi. Qipshoqlar Musulmonqulning ketidan Xudoyorxonni ham taxtdan agʻdarishga harakat qilibgina qolmay, unga oʻlim bilan ham tahdid soladilar. Ushbu vaziyatda Xudoyorxonga Toshkentdan kelgan qoʻshin yordam beradi va uni ushbu vaziyatdan qutqarib qoladilar. Qipshoqlarga qarshi kechgan urinishlar juda koʻp oʻlim va talofatlarga ham sabab boʻladi.

Qipshoqlar Xudoyorxonga qarshi kurashda muvaffaqiyatsizlikka uchraganlariga qaramay, taslim boʻlishni istamaydilar va oʻzlariga boshchilik qilish uchun Musulmonqulga taklif bildiradilar. Ammo ularga qarshi Xudoyorxon yurish boshlaydi va nihoyat, qipshoqlarni magʻlub etishga muvaffaq boʻladi. Keyinchalik Xudoyorxon qipchoqlarni mamlakatdan butunlay yoʻq qilish maqsadida Fargʻona vodiysiga ham odamlarini yuboradi va ularni qoʻlga olib, oʻldirishni buyuradi.

Oʻzining zulmkor siyosati va aholi ehtiyojlarini mensimasligi bilan Xudoyorxon ham oʻzidan oldin taxtga oʻtirgan boshqa xonlar singari juda tez mashhur boʻladi. Xonlikning shimoliy qismida ham mutlaq hukmronlik oʻrnatilib, ushbu hududni boshqarish Toshkent beglar-begi unvoni berilgan Mirzo Ahmad zimmasiga yuklatiladi. Mirzo Ahmad davrida Turkistondan Chu vodiysigacha muhim sugʻorish ishlari olib boriladi, ammo 1858-yilda Mirzo Ahmadga qarshi qoʻzgʻolon uyushtiriladi. Ushbu qoʻzgʻolonni bostirish uchun Xudoyorxon hududga akasi Mallaxonni yuboradi. Biroq Mallaxon ukasining topshirigʻini bajarish oʻrniga vaziyatdan unumli foydalanishga, akasini taxtdan agʻdarishga harakat qiladi. Qoʻzgʻolonchilarni avf etadi va aholi uchun soliqlarni kamaytiradi. U, shuningdek, Toshkent va va xonlikning butun shimoliy qismi yordamida qoʻshin toʻplab, akasi Xudoyorxonga qarshi yurish boshlaydi. Mallaxon qoʻshini Xudoyorxonni Somonchi qishlogʻi yaqinida magʻlub etadi va xon Buxoroga qochishga majbur boʻladi. Shundan keyin Mallaxon oʻzini Qoʻqon xoni deb eʼlon qiladi.

Ikkinchi hukmronlik davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1862-yilda Qoʻqon xoni Mallaxon fitnachilar tomonidan oʻldiriladi va taxtga uning 17 yoshli jiyani Shohmurod daʼvo qiladi. Qoʻqon xonligi taxtini egallagan Shohmurodning eng birinchi chora-tadbirlaridan biri amakisiga yaqin boʻlgan barchani yoʻq qilishdan iborat edi. Ushbu vaziyatdan tahlikaga tushgan Toshkent hokimi Qanoatshoh mudofaani kuchaytiradi va Xudoyorxonni taxtga qaytarishga vaʼda qilib, unga qoʻshilishini taklif qiladi. 1863-yilda Xudoyorxon Toshkentga keladi. Bundan xabar topgan Murodxon 14 minglik qoʻshin bilan Toshkentni qamal qiladi. Biroq Xudoyorxonning qoʻshini qamaldan ozod boʻlib, Shohmurodni qoʻlga olishga muvaffaq boʻladi va yana Qoʻqon xonligi taxtiga daʼvo qiladi.

Xudoyorxonning taxtga egalik qilishini xonlikning katta qismi tan olmaydi. Oʻsha paytda Musulmonqulning oʻgʻli, taxtga daʼvogardan hisoblanmish Alimqul Xudoyorxonning eng jiddiy raqibiga aylanadi. Alimqul Xudoyorxon qoʻshinlariga qarshu hujum boshlaydi. Shu paytda Qoʻqon xonligi hududida boʻlgan Buxoro amiri Shahrisabzda qoʻzgʻolon koʻtarilganligi sababdan oʻz poytaxtiga qaytishga majbur boʻladi. Ushbu vaziyatdan unumli foydalangan holda qipchoqlar va baʼzi qirgʻiz qabilalari ham oʻz qoʻshinlarini yigʻib, bir vaqtning oʻzida Qoʻqon va Toshkentni qamal qiladilar. Alimqul esa qipchoqlar bilan kelishgan holda Xudoyorxonni taxtdan uzoqlashtirib, Mallaxonning oʻgʻlini xon etib tayinlashga kelishadi. Oʻsha paytda xon atigi 13 yoki 14 yoshda boʻlganligi sababli amalda Qoʻqon xonligini Alimqulning oʻzi boshqaradi.

Biroq Alimqulning mamlakatdagi hukmronligi uzoq davom etmaydi. Qoʻqon xonligidagi ichki kurashlardan foydalangan Rossiya imperiyasi xonlikka tegishli Turkiston, Chimkent (1864) va Toshkentni (1865) bosib olishga muvaffaq boʻladi. 1865-yilda Qoʻqon xonligi taxtiga Xudoyqul („Belboqchixon“ degan laqabi ham mavjud) oʻtiradi. Biroq uning hukmronligi ham uzoq davom etmaydi, u xon sifatida bor-yoʻgʻi 14 kun mamlakatni boshqaradi. Shundan soʻng esa Qashqarga qochib ketishga majbur boʻladi. Bundan foydalangan Xudoyorxon esa yana taxtga daʼvo qiladi.

Uchinchi hukmronlik davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xudoyqul Qoshgʻarga qochib ketganidan keyin Xudoyorxon hech qanday qiyinchiliksiz Qoʻqon taxtini qayta egallaydi, biroq Fargʻona hududiga bostirib kirgan Buxoro amirligi qoʻshinlari tufayli amirlik hukmronligini tan olishga majbur boʻladi. Ammo 1866-yilda Buxoro amirligi va Qoʻqon xonligi oʻrtasidagi hududning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi amirlikning xonlikka nisbatan harbiy tahdidini yoʻqqa chiqaradi. 1868-yilda Xudoyorxon Rossiya imperiyasining oʻz xonligi ustidan suverenitetini rasman tan oladi.

Xudoyorxon davrida qishloq xoʻjaligiga katta eʼtibor qaratiladi, yangi anhor va ariqlar qaziladi. Qoʻqonda 1873-yil xon oʻrdasi qurib bitkaziladi. Bundan tashqari, Xudoyorxon davrida „Madrasai Oliy“, „Madrasai Hokim oyim“, „Madrasai Sulton Murodbek“ quriladi[3]. Xudoyorxonning farmoni bilan Mahzun (Ziyovuddin Hoʻqandiy) 1696 sahifadan iborat „Shohnoma“ asarini yozadi (hozirgi kunda ushbu qoʻlyozma Istanbulda saqlanadi).

Xudoyorxon davrida xonlik hududi ancha qisqarib, turli soliqlar joriy etiladi. Buning ustiga 1868-yilgi Turkiston general-gubernatori K. P. Kaufman bilan tuzilgan „teng huquqli“ shartnomaga muvofiq, rus savdogarlariga xonlikning hamma shahar va qishloqlarida boʻlish va karvonsaroylar qurish, rus tovarlarini xonlik hududi orqali boshqa davlatlarga boj toʻlamasdan bemalol olib oʻtish huquqi beriladi. Rus savdogarlari qoʻqonlik savdogarlar bilan bir miqdorda boj toʻlaydigan boʻlishadi. Xudoyorxon Turkiya va Buxoro bilan yaxshi aloqada boʻlishga, Angliya emissarlari bilan uchrashib, ulardan madad olishga intiladi, ammo yuzaga kelgan siyosiy vaziyat tufayli xon koʻproq K. P. Kaufman bilan yaqinlashishga majbur boʻladi.

Taxt uchun kurashlar, oʻzaro urushlar, soliqlarning koʻpayib ketishi aholi turmushiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Natijada xonlikda tez-tez qoʻzgʻolonlar uyushtiriladi. Shulardan eng kattasi 1873-yil boshlangan „Poʻlatxon qoʻzgʻoloni“ hisoblanadi. Qoʻzgʻolonni bostirishning ilojini topa olmagan Xudoyorxon, barcha xazinani olib K. P. Kaufmandan harbiy yordam olish uchun Toshkentga qochib ketadi, soʻngra u yerdan Orenburgga surgun qilinadi. Xudoyorxon u yerdan qochib, Makkaga boradi. Keyinchalik, Qoʻqon xonligining qolgan hududlarini ham Rossiya bosib olgandan soʻng Xudoyorxon K. P. Kaufmanga rasman murojaat etib, siyosiy ishlarga aralashmaslikni vaʼda qilgan holda Qoʻqonga qaytishga ruxsat soʻraydi, ammo uning bu iltimosi Kaufman tomonidan rad etiladi. Oradan biroz vaqt oʻtib, Xudoyorxon 2-marta murojaat qiladi va uning arizasi senatda koʻrib chiqilib, Xudoyorxonga Qoʻqonga qaytishga ruxsat beriladi. Ammo bundan xabarsiz Xudoyorxon yashirin holda Qoʻqonga qaytishga harakat qiladi va yoʻlda vafot etadi[4].

  • Bobobekov H. N., Qoʻqon tarixi, T., 1996; Bababekov X. N., Narodnie dvijeniya v Kokandskom xanstve i ix sotsialnoekonomicheskiye predposilki, T., 1990. Haydarbek Bobobekov.



[[Turkum:Madrasa asoschilari. Hakimjon Hakimov